SO‘NGGI QO‘NG‘IROQ — ORZULAR SARI ILK QADAM Andijon davlat texnika instituti akademik litseyida 2025–2026 o‘quv yili yakuniga bag‘ishlangan “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbiri yuqori kayfiyat va ko‘tarinki ruhda bo‘lib o‘tdi. Mazkur tantanali tadbirda Andijon davlat texnika instituti prorektori Suxrobjon Aliyev, mahalla faollar yig‘ini vakillari, ustozlar, ota-onalar hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi. Tadbir avvalida so‘zga chiqqan mutasaddilar bitiruvchi yoshlarni hayotlaridagi muhim bosqich bilan samimiy tabriklab, ularga kelgusidagi o‘qish va ish faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar tiladilar. Ta’kidlanganidek, bugungi yoshlar — ertangi kun bunyodkorlari, yurt taraqqiyoti va jamiyat ravnaqining ishonchli tayanchidir. Bayram davomida o‘quv yili davomida turli yutuqlarga erishgan bitiruvchilar munosib taqdirlandi. Xususan, muddatidan oldin oliy ta’lim muassasasiga talabalikka tavsiya etilgan o‘quvchilarning ota-onalariga tashakkurnomalar topshirildi. Bu esa farzand tarbiyasidagi ota-onalar mehnatiga bildirilgan yuksak e’tibor va e’tirof bo‘ldi. Shuningdek: “Yilning eng yaxshi o‘qituvchisi” “Eng yaxshi sportchi” Faol va namunali o‘quvchilar alohida nominatsiyalar asosida taqdirlandilar. Tadbir davomida o‘quvchilar tomonidan tayyorlangan kuy-qo‘shiqlar, sahna chiqishlari va dilbar raqslar bayramga yanada fayz bag‘ishladi. Ustoz va shogirdlar qalbida unutilmas taassurotlar qoldirgan ushbu kun quvonch va hayajonga boy lahzalarga ulanib ketdi. Tadbirning eng hayajonli onlaridan biri — “So‘nggi qo‘ng‘iroq” sadolari yangragan daqiqalar bo‘ldi. Ushbu ramziy qo‘ng‘iroq bitiruvchilar uchun bolalik va o‘quvchilik davri bilan xayrlashib, katta hayot sari qo‘yilgan muhim qadam sifatida yangradi. Andijon davlat texnika instituti akademik litseyi jamoasi barcha bitiruvchilarga porloq kelajak, mustahkam iroda, ulkan zafar va omad tilaydi! Oq yo‘l, aziz bitiruvchilar!